Agentlik tizimidagi ijod maktablarida imtihonlar yakuniga yetdi

Bugun ijod maktablari imtihonlarining ikkinchi bosqichi  -  test sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Agentlik rahbari Hilola Umarova Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurdi, talabgor-o’quvchilarga omad tiladi:
-Ijod maktablarining birinchi bosqichini yakunlab, mana ikkinchi bosqichda ham o‘z bilimingizni sinovdan o‘tkazdingiz. Sizlarga bu bosqichda ham omad yor bo‘lsin. Ishonamanki, sizlar ham kelajakda oltin fondimizning vatanparvar, barkamol va iqtidorli yoshlari qatoridan joy olasiz.

Ma’lumot o‘rnida, imtihon karantin qoidalariga rioya qilingan holda o'tkazildi. Jarayonni sifatli tashkil etish uchun barcha chora-tadbirlar ko'rilgan.

Jumladan, Ibrayim Yusupov nomidagi ijod maktabining 2-bosqich test sinovlarida jami 93 nafar talabgor ishtirok etdi. Imtihon yakunlariga ko‘ra eng yuqori natijalar qayd etgan 12 nafar o’quvchi maktabga qabul qilinadi. Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida ham ikkinchi bosqich imtihonlar bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot o‘rnida, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabiga jami 413 nafar talabgor ariza topshirgan, 7- va 8-sinflarga 66 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida  ham talabgor ikkinchi bosqich imtihonlarda ishtirok etdilar. Jarayon karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil qilindi.

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Ijod maktabida ham kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi yakunlandi.

Ogahiy nomidagi ijod maktabida ham imtihonlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ma'lumot o‘rnida, Ogahiy ijod maktabiga bu yil 7-sinfga 10ta, 8-sinfga 12ta, 9-sinfga 12ta o‘quvchi 236 nafar talabgorlar  orasidan to‘plagan ballari ketma-ketligida qabul qilinadi.

Is'hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabida ham imtihonlar o‘z yakuniga yetdi. 2021/2022 o‘quv yili uchun bu yerga jami 1028 ta talabgor ariza topshirgan.

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida  7- va 8-sinflar uchun saralash imtihonlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida ham imtihonlarning ikkinchi bosqichi nihoyasiga yetdi. Imtihonlar Respublikadagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda ochiq maydonda, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda o‘tkazildi.

 Agentlik tizimidagi ijod maktablarida kirish imtihonlari  yakunlandi