ZAMONAVIY DARSLIKLAR TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

Bugun, 23-sentabr kuni Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan "Yangi uslubdagi darslik - zamonaviy ta'lim garovi" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan 7-sinf "Adabiyotshunoslik", 11-sinf "Adabiyot" va 7-sinf "Matnshunoslik" darsliklari, shuningdek Prezident maktablari uchun "Maktab maslahatchisi" (School Counselor) dasturi taqdimot qilindi.

Tadbirda darslik mualliflari, adabiyotshunos olimlar va ijod maktablarining amaliyotchi o'qituvchilari ishtirok etishdi. Mazkur darsliklarni ishlab chiqishda AQSH, Koreya, Finlandiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi o'rganilgan.

Matbuot anjumanini Agentlik rahbari Hilola Umarova kirish so‘zi bilan ochib berdi:

- Ta'lim tizimini isloh etish yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish, tizimga yangi innovatsion uslublarni joriy etish bilan bog‘liq. Bugun taqdimot qilinayotgan kitoblar Agentlik tizimidagi maktablar uchun zamonaviy ta'lim metodlarini joriy etishda juda katta ahamiyatga ega. Bu darsliklar tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda va ular o'quvchining ijodiy qobiliyatini rivojlantirib, o'quvchiga yo'naltirilgan dars uslublarini shakllantirishga yordam beradi.

Komil Jalilov, O‘quv jarayonini metodik ta’minlashni takomillashtirish bo‘limi boshlig‘i:

-Mazkur darsliklar bolada an'anaviy uslubdagi ma'lumotni qabul qilish va qaytarish emas, balki 21-asrdagi eng muhim ko'nikmalar - tanqidiy fikrlash, muommoni hal qilish, masalaga ijodiy yondashish kabilarni shakllantirishga qaratilgan. Ular dars jarayonining markazidagi o'qituvchi emas, o'quvchining bo'lishi,  faqatgina ma'lumotni qabul qilish bilan chegaralanmay, masalaga turli tomondan yondashishiga ko'maklashadi.

Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori, 7-sinf darslik mualliflaridan biri:

-Yangi avlod darsliklari bolaning psixologiyasi va dunyoqarashini yaxshi tushunadigan mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Bunda Rasul Hamzatovning "Mening Dog'istonim" kitobidan parchalar kiritildi. Shuningdek, o'quvchining yanayam chuqurroq tafakkur qilishi uchun murakkabroq ijod namunalari tanlandi. 

Zulxumor Mirzayeva, filologiya fanlari nomzodi:

-Mazkur darsliklarni ishlab chiqishda ilk bora "Adabiyot laboratoriyasi" tajribasidan foydalanildi. Bu o'quvchidan muayyan asar yuzasidan ijodiy yondashuvlarni talab etadi. Darsliklarda, shuningdek adabiy tanqidchilik bo'yicha topshiriqlar kiritilib, bu o'quvchidan turli olimlar fikrlariga munosabat bildirishlari so'raladi. Dars doimiy savol-javob tarzida tashkil etilganida bu o'quvchini zeriktirishi mumkin, shuning uchun ularniishlab chiqishda noan'anaviy uslublarga murojaat qildik. Shuningdek, asardan muayyan parchaning berilishi o'quvchining bu asar haqida to'liq tasavvur hosil qilishi uchun yetarli emas. Shuning uchun, yangi darslikda kitobning 1-bobi berilib, qolganini QR kod bilan o'qish imkoniyati yaratildi.

Rahimboy Jumaniyozov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent:

-Matnshunoslik darsligining o'ziga xos tomoni yaqin tariximizda bu kabi kitoblarning yaratilmaganidan iboratdir. O'zbek adabiyoti tarixining deyarli 1300 yili eski o'zbek yozuvi bilan bog'liq. Ta'kidlash joiz - hech bir yozuvda eski o'zbek yozuvichalik ko'p yozilgan emas. Bu yozuvni o'rganish va bu borada mutaxassislar tayyorlash, birinchi navbatda tariximizni yanada yaxshiroq o'rganish hamdir. Bu kitobning afzalliklaridan biri har bir harf she'rlar bilan, rasmlar bilan izohlangan. Bu esa bolada yanada yaxshiroq tasavvur uyg'otishga yordam beradi.

Matbuot anjumanida, shuningdek “Maktab maslahatchisi” dasturi tanishtirildi. Mazkur dasturning maqsadi ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha individual maslahatlar berish, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari haqidagi ma'lumotlar bilan tanishtirish, oliygohlarga hujjat topshirish va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha kerakli tavsiyalarni berish va ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblar bilan tanishtirish va ularga yo‘naltirishdan iborat.

Prezident ta'lim muassasalari agentligi Axborot xizmati