Elchilar Prezident maktabida

Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan xorijiy davlatlarning O'zbekistondagi elchilari uchun Toshkent shahridagi Prezident maktabida ekskursiya  tashkil etildi.

 Mazkur tanishtiruv uchrashuvida Germaniya, Hindiston, Shvetsariya, Turkiya, Latviya, Italiya, Koreya davlatlari elchilari hamda KOICA, Unicef va UNESCO tashkiloti vakillari ishtirok etib, maktab faoliyati, shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

Shuningdek, oʻquv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar,  malakali pedagoglar va moliyaviy grantlarni jalb qilish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan muhokama olib borildi.

Ma'lumot o'rnida, joriy yilning 10-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta'lim mavzusida o'tkazilgan video-selektorda xorijiy davlat elchilarining Prezident maktablari  faoliyatini samarali yuritishga, xorijiy ilg'or tajribalarni joriy etishga shaxsan mas'ulligi belgilab qo'yilgandi.
Dr. Tilo Klener, Germaniyaning Oʻzbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi:

- Prezident maktablari faoliyati nihoyatda muhim loyiha va men bugungi tashrifim davomida maktabdagi ta’lim tizimi, imkoniyatlari haqiqatda yuqori darajada ekanligiga amin bo‘ldim.
Shuningdek,“Yangi O‘zbekiston” universiteti Germaniyaning eng nufuzli universitetlaridan biri bo‘lgan Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda ish olib boradi. Aniq ayta olaman-ki, bu Universitet nafaqat O‘zbekiston yoshlari  uchun  o‘ziga xos imkoniyat, balki ikki davlatning do‘stona hamkorligi namunasi hamdir. Ushbu hamkorlikdan umidimiz katta!

Dr. Olgan Bekar, Turkiyaning O'zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi:

- Prezident maktablari juda yaxshi loyiha. Mazkur ta'lim dargohi yurtingizdagi iqtidorlarni kashf etishda hamda ularni jamiyat taraqqiyoti uchun foydali kadrlar qilib yetishtirishda muhim rol o'ynaydi. Biz ham O'zbekistonning ta'lim sohasidagi loyihalarini qo'llab-quvvatlagan holda, kelajakda bu borada ikki tomonlama loyihalar ishlab chiqishga alohida ahamiyat beramiz. Aytish mumkinki, bu maktab menda chuqur taassurot qoldirdi. Men bu maktablar loyihasiga mehnati singgan jamoaga, avvalo O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga alohida tashakkur izhor etmoqchiman.

Munir Mamedzade, UNICEF tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

- Bunday yuksak darajadagi maktablarning nafaqat mamlakat poytaxtida, balki barcha hududlar markazida tashkil etilishi quvonarli hodisadir. Bu yerdagi ta'lim sifati o'quvchilarga bugungi bozorda qadrlanadigan kasb egalari bo'lib yetishishlariga yordam beradi. Prezident maktablarining xususiy shaklda bo'lmay, balki davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi alohida ahamiyatga ega. Prezident maktablari tajribasining keyinchalik mamlakatdagi barcha maktablarga joriy etilishi ko'zda tutilgan. Men bugungi tashrifimdan juda katta taassurot oldim. Umid qilaman-ki, bu turdagi maktablar tahsil oluvchilari yangi-yangi muvafaqqiyatlarni qo'lga kiritishda davom etadi.

Manish Prabhat, Hindistonning Oʻzbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi:

- Prezident maktabidagi shart-sharoitlar va zamonaviy jihozlangan sinfxonalar menda alohida taassurot uyg‘otdi.  Biroq, meni hayratga solgani bu ayniqsa ushbu maktab o‘quvchilari bo‘ldi. Ularning bilim-salohiyati, o‘ziga ishonchi va fikrini  aniq tushuntira olish mahorati mazkur maktabda olib borilgan ta’lim tizimining nihoyatda to‘g‘ri tashkil etilganligini ko‘rsatadi. Ushbu Prezident maktablarini respublikadagi eng namunaviy maktablardan deb ishonch bilan aytishim mumkin.

 Konstantin Obolenskiy, Shvetsariyaning O'zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi:

"Prezident maktablari iqtidorli o'quvchilari va chiroyli binosi bilan menda alohida taassurot qoldirdi. Ta'lim - taraqqiyotning asosidir. Bugungi kunda ilmga asoslangan ta'lim bilan bir qatorda texnik ta'lim ham alohida ahamiyatga ega. Zero, har bir jamiyat zamonaviy texnologiyalarga va yaxshi kadrlarga, bu borada esa shubhasiz sifatli ta'limga ehtiyoj sezadi. Shvetsariya mazkur sohada O'zbekiston bilan hamkorlik aloqalariga ega. Hududlarda ham Prezident maktablarining tashkil etilishi, birinchi navbatda xalqqa - odamlarga yaqinroq borish va butun mamlakat bo'ylab iste'dodlarni topishga yordam beradi".

Aleksandros Makarigakis, UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari:

-  Prezident maktabidagi birinchi tashrifim chin ma’noda esda qolarli bo‘ldi. Maktabdagi o‘qitish tizimi xalqaro standartlarga mos tashkil etilganligiga guvoh bo‘ldim. Xususan, o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashiga qaratilgan darslar tashkil etilganligi bu o‘rinda juda ahamiyatli. Shu bilan birga, matematikani chuqurlashtirib o‘qitilishi, ushbu fanga qiziqishni yanada rag‘batlantirilishi meni quvontirdi. Umuman olganda, Prezident maktabining zamonaviy kasblarga yo‘nalganligi va xalqaro tajribaga asoslanganligi ushbu maktabning o‘ziga xos jihatlaridan biridir.