Prezident maktabiga UNESCO vakillari tashrif buyurishdi


Toshkent shahrida 15-16 iyul kunlari bo'lib o'tadigan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi Xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan UNESCO Bosh direktorining ta'lim ishlari bo'yicha o'rinbosari  Stefaniya Janini  va  UNESCO Bosh direktorining ta'lim ishlari bo'yicha o'rinbosari Astrid Gillette Toshkent shahridagi Prezident maktabida bo'lishdi.

Ularga UNESCO bo'yicha Milliy komissiya bosh kotibi va Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi direktori Gayane Umerova va Tashqi ishlar vazirligi bo'lim boshlig'i Nabijon Quvondiqov hamrohlik qilishdi.

Tashrif doirasida mehmonlar Agentlik rahbari o'rinbosari va vakillari bilan uchrashishdi.  Uchrashuv doirasida "Yangi O'zbekiston" Universitetining tashkil etilgani Prezident maktablari loyihasining mantiqiy davomi sifatida ta'limda uzviylikni ta'minlashi UNESCO vakillari tomonidan alohida ta'kidlandi.

Mehmonlar, shuningdek, Agentlikning o'qituvchilar uchun qo'llanmalar yaratish va o'quvchilar monitoringini yuritish kabi loyihalarida UNESCO ning Mahatma Gandi Institute of Education for peace and sustainable development (MGIEP) bilan hamkorlik o'rnatish istiqbollarini muhokama qilishdi.

Tashrif so'ngida mehmonlar uchun Prezident maktabi hududida ekskursiya o'tkazildi.