Toshkentda Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan mobil ilova taqdim etildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan mobil ilovani taqdim etdi.

Mobil ilova taqdimoti Toshkent shahridagi Al-Xorazmiy nomidagi maktabida Alisher Navoiyning 580-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan maʼrifiy-madaniy dastur doirasida tashkil etildi.

Yangi mobil ilova Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari yordamida ishlab chiqildi.

Ushbu ilovada Alisher Navoiy ijodi oʻzbek, ingliz, rus, fransuz, nemis, fors va arab tillarida jamlangan boʻlib, ilova toʻliq ushbu tillarga tarjima qilingan. Ilovaning qulayliklaridan biri bu foydalanuvchilar Alisher Navoiy ijodini audio formatda ham tinglashlari mumkin boʻladi.

Har bir foydalanuvchining oʻz shaxsiy kabineti boʻlib, unda foydalanuvchi oʻzi istagan gʻazalni, ruboiy va hikoyalarni saqlab borishi va offlayn tarzda foydalanishi mumkin. Hozirda ilovaga 100 dan ortiq gʻazal va ruboiylar yuklangan.

Tez kunda ushbu ilova AppStore va Google Play Marketga qoʻyiladi va barcha uchun bepul ishlatish imkoniyati mavjud boʻladi. Unga qadar mobil ilovani joriy yilning 9-fevral kunidan boshlab https://alishernavoiy.uz/ sayti orqali yuklab olish mumkin.

Bundan tashqari tadbir doirasida Al-Xorazmiy nomidagi maktab oʻquvchilari “Alisher Navoiy oʻquvchisi” nomli mobil oʻyinini ham taqdim etishdi.

Oʻyin 1 va 2-sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan boʻlib, u oʻquvchilarning Alisher Navoiy hayoti va ijodi boʻyicha bilimlarini tekshirishda yordam beradi. Oʻquvchilar oʻyin davomida Alisher Navoiyning uyiga qadar borishlari va yoʻl davomida beriladigan savollarga javob berib borishlari kerak. Savolga toʻgʻri javob bergan oʻquvchi yoʻlini davom ettiradi.

Tadbirning badiiy qismida Agentlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari tomonidan Alisher Navoiyning ruboiy va tuyuqlaridan namunalar aytildi. Soʻng Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Ushbu navoiyxonlik kechasida mamlakatimizning yetuk va taniqli navoiyshunos olimlari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning tajribali oʻqituvchilari va oʻquvchilari ishtirok etishdi.

Alisher Navoiy ijodining oʻrganilishi, lirik asarlari, nasriy va ilmiy merosi haqida soʻz yuritilar ekan, uning hayoti va ijodiy faoliyati yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi va uzoq yillar davomida tarbiya oʻchogʻi vazifasini oʻtab kelishi alohida taʼkidlandi.