“O‘tkan kunlar” romani tarjimoni Mark Riz “Qodiriy izdoshlari” bilan uchrashdi

Аbdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani ilk bor bevosita o‘zbek tilidan ingliz tiliga amerikalik taniqli tarjimon va tadqiqotchi Mark Edvard Riz tomonidan tarjima qilinib, Аmerika Qo‘shma Shtatlarida “Bygone days” nomi ostida kitob holida chop etildi. Yangi kitobning ilk nusxalari АQShdagi davlat tashkilotlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ushbu mamlakatda akreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillariga tarqatildi. Shuningdek, u АQShning eng yirik kutubxonasi – Kongress kutubxonasi katalogiga kiritildi. Shuningdek, ushbu asar e-book shaklida ham chop etilgan.

Madaniyatshunos Mark Riz ayni paytda Yurtimizda boʼlib turibdi. Mark Rizning mamlakatimizga tashrifini yuksak saviyada tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan uchrashuv o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuv Аgentlik tasarrufidagi Аbdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida “O‘tgan kunlar” romanining inglizcha tarjimasi taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, ijod maktabi  o‘quvchilarining badiiy chiqishlari, Zaynab monologi  hamda Milliy teatr san’atkorlarining Abdulla Qodiriy asari asosida sahna ko‘rinishlari o‘rin oldi. Ta’kidlash joizki, ushbu uchrashuv o‘quvchilar bilan o‘zaro muloqotga aylandi, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ingliz tilida olib borilgan ushbu muloqot nafaqat ijod maktabi o‘quvchilarining chet tillariga bo‘lgan qiziqishlarini ko‘rsatdi, balki akedemik Mark Rizda ham iliq tassurot qoldirdi. U kelgusi tarjima ishlarida ushbu ijod maktabi o‘quvchilari bildirgan bu qiziqish va intilishlari kelajakda qanot bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi:

-Sizlarning asosiy vazifangiz yaxshi o‘qish, o‘z ajdodlariga mos avlod bo‘lib yetishishdan iborat. Oldingizga qo‘ygan maqsadingiz uchun hozirdanoq intilishingiz lozim.  Bu shunchaki vazifa emas, balki majburiyatingiz. 

Shuningdek, u tarjima jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklari to'g'risida ham gapirib  o'tdi:

-Tarjima jarayonida men o'nlab lug'atlarga murojaat qilishimga to'ri keldi. Shevaga oid so'zlar kelganda ularni hatto lug'atlardan ham izlab topolmaganman. bir qancha mutaxassilardan yordam olganman. Bunda men tarjimonlardan ko'ra ko'proq ijodkorlar bilan birga ishlashga harakat qildim,  chunki ijodkorlarda asarni his qila olish qobiliyati bo'ladi. Bu esa  muvaffaqqiyatli tarjimaga asos bo'ladi.

Mazkur uchrashuv Abdulla Qodiriy ijodi ahamiyatini yana bir bora ko‘rsatib berdi va bu  nafaqat ijodiy uchrashuv, balki milliy madaniyat namunasi bo‘ldi, deyish mumkin.