"Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar: malakali kadrlar, shaffoflik va qulaylik" mavzusidagi press-tur o'tkazildi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligiga malakali pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan tizimda kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish vazifasi yuklatilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Yangi ochilayotgan Prezident maktablariga hamda ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga malakali pedagoglarni jalb etish maqsadida Agentlik tomonidan job.piima.uz sayti yaratildi. 

Ushbu sayt orqali o'qituvchilar Аgentlik tizimidagi maktablardagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq maʼlumotga ega bo‘lishlari hamda ishga hujjat topshirishlari mumkin. Joriy yilning 16- aprel kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabida press-tur hamda mazkur sayt va mavzu yuzasidan ijtimoiy video-rolik taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, maktabdagi pedagog kadrlar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan ham tanishtirildi. 

Job.piima.uz saytiga tashrif buyuruvchilar hozirda faoliyat yuritayotgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirligan maktablardagi bo‘sh ish o‘rinlari hamda viloyatlarda yangi ochiladigan Prezident maktablariga ishga qabul qilishning bosqichlarida ishtirok etishlari mumkin. Mazkur tizim butun Respublika bo‘ylab joriy qilinadi.

Ushbu sayt yordamida pedagoglar Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablardagi bo‘sh ish o‘rinlar va lavozimga qo‘yiladigan talablar bilan tanishishlari, anketani saytning o‘zida to‘ldirishlari va “filter”dan o‘tgach, talabgorlarga sms-xabarnoma yuborilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. 

Ushbu veb-saytni ishga tushirish orqali Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga xodimlarni to‘g‘ri tanlash, ishga olish hamda talabnoma beruvchilar o‘rtasidagi tanlovda shaffoflikni taʼminlash birinchi o‘ringa qo‘yilgan. 

Toshkent shahridagi Prezident maktabi direktori T. Shermatov o‘z nutqida pedagoglar uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi muhimligini taʼkidlab o‘tdi: 

-      Prezident maktabida o‘qituvchining malakali bo‘lishi bilan birga o‘z ustida doimiy ishlashi ham talab etiladi. O‘qituvchi qanchalik salohiyatli bo‘lsa ham, uzoq yillik ish tajribasiga ega bo‘lsa ham baribir o‘z ustida har kuni ishlashi lozim. Bu bilan u ham o‘zi rivojlanadi, ham atrofdagilarning o‘sishiga taʼsir o‘tkazadi. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, Prezident maktablarida eng iqtidorli, bilimli o‘quvchilar tahsil oladi. Bilimga chanqoq o‘quvchilarga taʼlim berish ham o‘z navbatida pedagogdan yuqori darajadagi salohiyatni talab qiladi, deyish mumkin.

Press-tur davomida jurnalistlar maktab kutubxonasi, robototexnika xonasi, musiqa xonasi, yotoqxona va chet ellik o‘qituvchilar yashaydigan mehmonxonadagi sharoitlar bilan tanishishdi.

Agentlikning Prezident maktablari bilan ishlash bo‘limi  boshlig‘i o‘rinbosari  Gavhar Ishimova maktab, o‘qish jarayonlari, shart-sharoitlar va o‘quvchilarning qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga javob berildi.