Prezident maktablariga qabul va kirish imtihonlarini o'tkazish tartibi yuzasidan matbuot anjumanida

           Joriy yilning 11 may kuni Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Prezident maktablariga qabul va kirish imtihonlarini oʼtkazish tartibi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Аgentlik direktori Hilola Umarova va direktor oʼrinbosari Аmirulla Аbdullaev ishtirok etishdi.
Prezident maktablariga qabul va kirish imtihonlarini oʼtkazish tartibi yuzasidan tashkil etilgan mazkur matbuot anjumanida hujjat topshirish, imtihon jarayonlari, tartib va talablar toʼgʼrisida maʼlumotlar berildi. 
Jumladan:
- kirish imtihonlarining oʼtkazish muddati va joylari;
- imtihon bosqichlari;
- kirish imtihoni natijalari joylashtiriladigan rasmiy veb-saytlar va boshqalar.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida» 
PQ-4199-sonli qaroriga muvofiq 2019 - 2021 oʼquv yilida 14 ta hududda Prezident maktablari faoliyatini yoʼlga qoʼyish rejalashtirilgan. 
Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 5 sinf uchun 24 nafar oʼquvchidan iborat boʼlib, ikkita sinfga bir xil - 12 nafardan oʼquvchi taqsimlanadi.
Yangi tashkil etilgan Prezident maktablarining 1-yilida 5-10 sinflar kesimida jami 144 nafar oʼquvchilar saralab olinadi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlarini oʼtkazish tartibi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 iyundagi “Prezident maktablari toʼgʼrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi 526-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlarining oʼtkazish muddati va joylari Qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Prezident maktablariga kirish imtihonlari ikki bosqichda oʼtkaziladi.
Kirish imtihonlari natijalarini tekshirish va talabgorlarning javoblari natijalarini baholash taʼlim sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy tashkilot Cambridge Assessment tomonidan amalga oshiriladi. 
Taʼlim sohasida xizmat koʼrsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkiloti Cambridge Assessment kirish imtihonlari jarayonlarining shaffofligi va xavfsizligini taʼminlaydi.
Kirish imtihoni natijalari “Cambridge Assessment Admissions Testing” (Buyuk Britaniya) tashkiloti hamda Prezident maktablarining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi. 
Kirish imtihonlariga taalluqli barcha materiallar (soʼrovnomalar, testlar, javoblar va boshqalar) maxfiy xarakterga ega hisoblanadi hamda ularning maxfiyligi taʼlim sohasida xizmatlar koʼrsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilot, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va Davlat test markazi tomonidan taʼminlanadi.
Kirish imtihonlari videokuzatuv va boshqa texnik vositalarni qoʼllagan holda maxsus ajratilgan joylarda oʼtkaziladi.
Kirish imtihonlari takroran oʼtkazilmaydi.
Kirish imtihonlarini oʼtkazish paytida talabgorlar, kuzatuvchilar, bino rahbarlari hamda ishchi guruhining masʼul shaxslariga aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish taʼqiqlanadi. 
Talabgorlarga kirish imtihonlariga maʼlumotnoma materiallari va elektron hisoblash texnikasini olib kirish va foydalanish taʼqiqlanadi.
Ushbu Nizomning talablari buzilganda ishchi guruhning masʼul shaxslari talabgorni majburiy tartibda chetlatish dalolatnomasini tuzgan holda kirish imtihonlaridan chetlashish huquqiga egadirlar.
Kirish imtihonlari (1-2 bosqich) natijalari qayta koʼrib chiqilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari boʼyicha imtihon materiallari talabgorlarga taqdim etilmaydi. 
Jurnalistlar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga anjuman davomida javob olishdi.