Xalqaro tajriba almashish – ustuvor vazifa

 

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan joriy yilda xorijiy mamlakatlarning ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik, xorijiy tillarni o‘rgatish sifatini oshirish va “Skills and Cultural Exchange” loyihasi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bu xususda Agentlikning Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Nilufar Tursunova bilan suhbatlashdik. 

1. Agentlikning xorijiy mamlakatlarning ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi yuzasidan olib borilayotgan  ishlar va kelgusi rejalar xususida gapirsangiz…

Hozirgi kunda Xalqaro hamkorlik bo‘limi Agentlik tasarrufidagi barcha maktablarni rivojlantirish, xodimlarning bilim berish salohiyatini yanada oshirish, o‘quv dasturlarini uzluksiz ravishda monitoring qilish va ta’lim sifatining xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash jarayonida xalqaro tajriba almashinuvi va xodimlar malakasini muntazam ravishda oshirish maqsadida olib borilayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlagan holda dunyoning eng ilg‘or ta’lim muassasalari, xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlab kelmoqda. 

Jumladan, Prezident maktablarida Cambridge Assessmentning STEAM yo‘nalishidagi fanlar bo‘yicha ta’lim dasturlari tatbiq qilingan va o‘quvchilar xalqaro ta’lim standartlariga javob beradigan dasturlar asosida ta’lim olmoqdalar. Cambridge Assessment va Agentlik shartnomasi asosida Prezident maktablariga o‘quvchilarni qabul qilishda saralash jarayoni va imtihonlarning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi kunga qadar IBM tashkiloti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab hamkorligida informatika va axborot texnologiya fanlaridan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha o‘quv darslari tashkil etildi. Ushbu dasturlarning keyingi bosqichlarini 2021–2022-o‘quv yilida  davom ettirish uchun qo‘shimcha mashg‘ulot sifatida o‘qitilishi borasida hamkorlik muzokaralari olib borilmoqda. 

2. Agentlik qoshidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda xorijiy tillarni o‘rgatish sifatini oshirish yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

Agentlik qoshidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda xorijiy tillarni o‘rgatish sifatini oshirish, tarjimonlik mahorati darslarini kiritish niyatida o‘quvchilarga eng zamonaviy mahorat darslarini tashkil etish, yuqori salohiyatli xorijlik o‘qituvchilarni jalb qilish, mahalliy o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida bir qancha xorijlik mutaxassislar bilan kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Agentlik tasarrufidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis)ga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida chet tillari chuqur o‘rgatiladi. 

Joriy yilning 10-may kuni Gyote instituti ta’lim bo‘limi xodimlari bilan ZOOM platformasi orqali bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida institut tomonidan taklif qilinayotgan bir qancha yangi loyihalar bilan tanishdik. Bu loyihalar o‘quvchilarning kelajakda Germaniyaning ilg‘or universitetlarida bepul o‘qishiga ko‘mak berishga qaratilgan. Ushbu takliflar Agentlikning metodologiya bo‘limiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi va yaqin kunlarda muzokaralarimiz davom etishi rejalashtirilmoqda. 

Joriy yilning 29-aprel kuni Agentlik qoshidagi “Abdulla Qodiriy” ijod maktabiga atoqli o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini ingliz tilidagi tarjimasi muallifi, AQSh fuqarosi, yuqori toifali tarjimon va akademik janob Mark Edvard Rizning tashrifi Xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan yuqori darajada tashkil qilindi. Ushbu tashrifdan so‘ng o‘zaro muzokaralar davomida janob Mark Riz “Abdulla Qodiriy” ijod maktabida o‘quvchilarning ilmli va zukko ekanliklaridan hayratda qolganini aytdi va Agentlikning ushbu maktabni rivojlantirish rejalari bilan tanishib chiqdi. Janob Riz “Abdulla Qodiriy” ijod maktabi o‘quvchilari uchun tarjimonlik bo‘yicha mahorat darslarini tashkil etish va ijod maktabini rivojlantirish uchun o‘z hissasini qo‘shish istagini bildirdi. Hozirgi kunda janob Riz bilan  hamkorlik shartlari borasida muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekistonda Isroil elchixonasi tasarrufidagi MAShAV tashkiloti bilan ta’lim sohasida Agentlik xodimlari bilan tajriba almashinuvini ta’minlash maqsadida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Xorijlik pedagoglarni Agentlik tasarrufidagi maktablarga jalb qilish hamda ularni saralab olish uchun Kanadaning “Teach Away” tashkiloti bilan hamkorlik  olib borilmoqda.

Joriy yilning 19-aprel kuni Nazarboyev avtonom intellektual maktablari bosh rahbari Kulyash Nogatayevna hamda Agentlik direktor o‘rinbosari Amirullo Abdullayev tomonidan memorandum imzolandi.

Nur-Sulton shahrida 3 kunlik xizmat safarida Agentlik ta’lim mutaxassislari qozog‘istonlik hamkor hamkasblari bilan birgalikda  Nazarboyev Intellektual maktablari ta’lim standarti yaratilishi tizimi, o‘quvchilarni baholash sistemasi, o‘qituvchilarning malakasini oshirish markazi faoliyati bilan tubdan tanishib chiqib, maxsus dastur asosida tayyorlangan  seminar treningda ishtirok etdilar va kelgusida o‘zaro tajriba almashinuvi rejalari to‘g‘risida kelishib oldilar.

O‘zbekistondagi rivojlangan davlatlar elchixonalari, xalqaro notijorat ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va muntazam ravishda tajriba almashinuvini ta’minlash bizning oldimizda turgan asosiy vazifalardan  biridir. 

3. “Skills and Cultural Exchange” loyihasi haqida ma’lumot bersangiz…

Agentlik qoshidagi barcha maktab xodimlari uchun rivojlangan davlatlarning ilg‘or  ta’lim muassasalari tomonidan tayyorlangan malaka oshirish dasturlari jalb qilinmoqda.

Shu jumladan, Agentlik maktablarida xorijlik mutaxassislarning mahoratlari va bilimlari borasida mahalliy pedagog kadrlarimiz bilan tajriba  almashinuvini yuqori darajada ta’minlash hamda maksimal darajada mahalliy o‘qituvchilarimiz bilan  samarali hamkorlikni ta’minlash uchun “Skills and Cultural Exchange” loyihasi tayyorlanmoqda. Ushbu loyiha dasturlarida qatnashish Agentlikning  barcha xodimlari uchun ochiq bo‘lib, o‘zaro xorij tillarini o‘rganish va o‘zbek tilini xorijlik xodimlarga o‘rgatish platformasini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

2021–2022-o‘quv yilida belgilangan rejaga muvofiq Respublika bo‘yicha Agentlik qoshida 10 ta Prezident maktab ochilishi kutilmoqda. Ushbu maktablar uchun 140 ga yaqin saralangan xorijlik o‘qituvchilarni ishga qabul qilish va o‘quv yili boshlanishidan oldin xorijlik mutaxassislar viza masalalarining tizimlilik jarayonini ta’minlash vazifasi zimmamizga yuklatilgan.

4. Xorijiy davlatlarda o‘tadigan xalqaro miqyosdagi ta’limga aloqador tadbirlarda (forum, konferensiya, ko‘rgazma, malaka oshirish, qayta tayyorlash va h.k.)  Agentlik vakillarining ishtiroki qay darajada ta’minlandi?

Agentlikning ta’limni rivojlantirish mutaxassislari hozirgi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Spirituality of Kids International (SFK) notijorat tashkiloti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. SFK ning tasdiqlangan ma’naviy, ijtimoiy va ruhiy dasturi barcha bolalarga irqidan, sinfidan va dinidan qat’i nazar, ularning kundalik hayotidagi mashaqqatli va og‘ir vaziyatlarga qaramay, ichki iqtidorini sinab ko‘rish va ularning haqiqiy salohiyatini ko‘rish uchun hayotiy usullarni o‘rgatish orqali foyda olishga mo‘ljallangan noyob va chuqur o‘rganish tajribasiga asoslangan. 

Ushbu dastur hozirda Agentlikda ta’lim mutaxassislari va pedagoglar tomonidan onlayn tarzda o‘rganilyapti va yaqin kelajakda ushbu dasturdan olgan bilimlari va mahoratlarini ishga solgan holda Agentlik maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun maxsus dasturni o‘zbek tilida ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

5. Mazkur bo‘lim tomonidan oldinga qo‘yilgan rejalar xususida to‘xtalsangiz…

“Senior Expert Services” ( SES Germany) tashkiloti tomonidan Agentlik maktablari xodimlari malakasini oshirish va ular uchun STEM yo‘nalishida 6 oylik mahorat darslari tashkil qilish maqsadida ta’lim sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan germaniyalik  professional nomzodlar takliflari saralab olish uchun ko‘rib chiqilmoqda.

2020-yilda butun jahonda pandemiya bo‘lganligi tufayli xalqaro forum konferensiyalar online tarzda o‘tkazilmoqda va shu kabi tashkil etilgan forum hamda treninglarda Agentlik rahbariyati muntazam qatnashib kelmoqda. Shu jumladan, rahbariyat 2021-yil mart oyida o‘tkazilgan UBTIC (Uzbek British trade industry council) tomonidan tashkil etilgan hamkorlik forumi, Expo Russia Uzbekistan 2020 forumlari konferensiyalarida qatnashdi.

Agentlik axborot xizmati