Iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash, yosh iste’dodlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va nashr etishdagi muammolarni bartaraf qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, umumta’lim muassasalari faoliyatini boshqarish va tashkil etishning maxsus tizimini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 09.09.2019-yildagi 5815-son Farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tashkil etildi.
Agentlikning asosiy vazifalari:
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish;
- davlat ta’lim standartlariga muvofiq Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yagona shaklda muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga ilg‘or ta’lim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilarida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik tuyg‘ularini, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatni shakllantirish, ularning ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada oshirish;
- xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni jalb qilgan holda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar pedagogik kadrlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish va uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ushbu muassasalardagi bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha ishlarni monitoring qilish va muvofiqlashtirish.