Tajriba almashish yuzasidan xalqaro uchrashuv

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda Qozog‘istonning “Nazarboyev intellektual maktablari” hamkorligi yuzasidan Zoom orqali uchrashuv tashkil etildi.

Unda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova, “Nazarboyev Intelektual maktablari” boshqaruv raisi Kulyash Shamsitdinova va boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari Hilola Umarova taʼlim tizimida xalqaro tajriba asosida model ishlab chiqish muhimligini taʼkidlab o‘tdi:

– Avvalo taʼlim standartlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish va ularni hozirgi ilmiy-texnik taraqqiyotning doimiy o‘sishi talablariga javob beradigan darajaga yetkazish zarur. Bundan tashqari, maktablarda o‘qitish usullarini takomillashtirish - talabalarda maʼlumotni tanqidiy talqin qilish, muammolarni hal qilish va qaror qabul qilishni o‘rganishning anʼanaviy usulidan voz kechish zarur. O‘quv va uslubiy materiallarni yozishga qo‘yiladigan talablarni tubdan qayta ko‘rib chiqish ham muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada biz o‘zaro manfaatli aloqalarini o‘rnatish tarafdorimiz.

Shundan so‘ng, “Nazarboyev Intellektual maktablari” boshqaruv raisi Kulyash Shamshidinova, o‘z fikrlarini bildirdi:

Avvalo “Nazarboyev Intelektual maktablari” bilan hamkorlik qilishga qiziqqaningiz uchun minnatdormiz va tajriba almashishga doim tayyormiz. Darhaqiqat, bugungi kunda taʼlimga alohida ahamiyat qaratish butun dunyoda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Biz ham dunyo tajribasini o‘rganib, ular orasidan o‘zimizga mos keladiganini tanladik, bunda, albatta, mentalitetimiz mezonlarini hisobga olganmiz. Shu bilan birga, baholash tizimida umumiylikdan qochishga harakat qilamiz. Hamkorlikda taʼlim standartlarini ishlab chiqishga tayyormiz.

Zoom orqali kechgan uchrashuv savol-javoblarga boy bo‘ldi. Ikkala tomon kelgusida maʼlumot almashishga va hamkorlik qilishga kelishib olishdi.