“Yangi O‘zbekiston” universitetiing ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Bugun, 19-oktabr kuni Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetiing ochilish marosimi bo'lib o'tib, mazkur tadbir doirasida shuningdek oliygoh taqdimoti, davra suhbati va o‘quv binosi hamda talabalar turar-joyi bo‘ylab press-tur tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Respublikasi Senati raisi o'rinbosari va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti rektori Sodiq Safoyev, Agentlik rahbari Hilola Umarova va universitetga taklif etilgan xorijiy mutaxassislar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida O'zbekiston Respublikasi Senati rektori Sodiq Safoyev so'zga chiqib, "Yangi O'zbekiston"ning ilk talabalariga omad tiladi:

  • Yoshlar mamlakatimizning ertasidir. Bugun sizga taqdim qilinayotgan imkoniyatlar qachonlardir orzu bo'lgan. Bularning barchasi sizning yorqin kelajagingiz uchun. Yurtimizning farovon ertasi sizning qo'llaringiz bilan bunyod etiladi. Sizlarga ulkan omad va zafarlar tilayman!

 

Prezident ta'lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova:

- Ta'lim mamlakatning taraqqiy topishi uchun eng muhim nuqtalardan biridir. "Yangi O'zbekiston" universiteti bu boradagi eng porloq loyihalardan. 

Bu yerda tahsil oluvchilar ish qidirib yurishishi uchun emas, ish o'rni yaratishlari - ularning yetuk kadr bo'lib yetishishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Chet eldan malakali pedagog-kadrlar hamda professorlarni jalb qilganmiz, bu o'quvchilarga O'zbekistonda turib, jahon standartlariga xos ta'lim olish imkonini beradi.

Elyorjon Jumayev, “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor.

  • “Yangi O‘zbekiston” universitetida o‘quv dasturi xalqaro standartlarga xos tarzda tuzildi. Unga ko‘ra, birinchi smesterda 10 ta, jumladan, kimyo, kimyo laboratoriyalari, fizika, fizika laboratoriyalari hamda muhandislik kabi fanlar o‘qitiladi. Barcha fanning asosi yetuk kadrlarni yetishtirishga qaratilgan, shuningdek, Yevropa va AQSH tajribasi asosidagi platforma ishlab chiqilib, talabalarga taqdim etilmoqda. 

     Universitet faxriy rektori germaniyalik professor Wolfgang Herrmann va 11 nafar professor talabalarga dars berishadi. Ulardan 5 nafari xorijiy o‘qituvchalar, 6 nafar professor esa xorijda nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan va tajriba oshirgan mahalliy o‘qituvchi-professorlardir. Xorijiy pedagoglarni ishga jalb qilish Myunxen Texnika universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bundan tashqari, laboratoriya va o‘quv mashg‘ulotlari uchun ham alohida o‘qituvchilar ishga jalb qilingan.  Darslar interaktiv tarzda olib boriladi hamda  dunyoda keng qo‘llanilib kelinayotgan zamonaviy texnologiya va metodlar asosida o‘tiladi.

Kelgusida ilmiy tadqiqot institutlari tashkil etilishi rejalashtirib, ularda universitetdagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy loyihalar ustida ish olib boriladi. Bugungi davr ilm-fan taraqqiyotini talab etadi, bu o‘z-o‘zidan universitet oldiga shunga xos vazifalar qo‘yadi. 

Yaqin vaqtlar ichida “Yangi O‘zbekiston” universitetetining eng yaxshi universitelari ro‘yxatida qayd etilishi rejalashtirilgan. Nafaqat ta’lim bo‘yicha, balki ilmiy ish, maqolalar hamda xalqaro loyihalarda ishtirok etish kabi mezonlarga ko‘ra ham nufuzli universitetga aylanish asosiy maqsadlardan biridir.

Clemens Woywod, Germaniya TUM universitetidan taklif etilgan professor:

  • Universitet jamoasi bizni juda iliq kutib oldi. Men kimyo nazariyasi fani bo’yicha tadqiqotlar olib boraman. "Yangi O'zbekiston" universitetida fundamental kimyo fanidan dars beraman. "Yangi O'zbekiston" universiteti loyihasi kelajagi porloq loyihalardan biri. Qisqa muddatda bu darajada katta ishlarning amalga oshirilishi, yaratilgan shart-sharoitlar tahsinga sazovor. Men bu yerda dasturiy ta'minot sohasiga qiziquvchi yoshlarning ko'pligiga guvoh bo'ldim. Shu o'rinda ta'kidlab o'tish kerakki, barcha yo'nalish talabalariga ham kimyoning o'tilishi ularda tabiiy fanlar bo'yicha o'ziga xos tushuncha yaratishga yordam beradi. Kimyo fani dunyo ilm-fanining ajralmas qismidir.

Islam Elhadary, Matematika fani katta o‘qituvchisi:

  • Prezident ta’lim muassasalari agentligi faoliyati bilan oldindan tanishman, “Yangi O‘zbekiston” universitetida dars berish uchun taklif etilganimdan juda xursandman.  Prezident maktablari juda ko‘p iqtidorlarni kash etdi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti esa yanada yuqori natijalarga erisha oladi, deb o‘ylayman. Mazkur universitetning o‘qituvchisi sifatida talaba-yoshlarning bilim va tajribaga ega bo‘lishlari uchun ilg‘or metodlar asosida ish olib boraman va universitetning ilk talabalariga o‘quv yilida muvaffaqqiyat tilayman.